OSIYO ARABSHUNOSLARINING I XALQARO KONFERENSIYASI

Mazkur konferensiyada O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi direktori, arabshunos, falsafa fanlari doktori, professor Roiq Bahodirov ishtirok etdi.

R. Bahodirov konferensiya maqsadi, delegatsiya ishtirokining natijalari borasida ma’lumot berdi.

2019 yil 9-12 aprel kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligining poytaxti ar-Riyoz shahridagi mazkur mamlakat Tadqiqotlar va ma’rifiy aloqalar markazi tomonidan tashkil etilgan Osiyo arabshunoslarining I xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadqiqotlar va ma’rifiy aloqalar markazi rahbariyati taklifiga binoan konferensiyada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori A.Abduhalimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi direktori R.Bahodirov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori U.Uvatov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori I.Usmanov hamda ushbu akademiyaning kafedra mudirlari Z.Munavvarov, Z.Aripova va M.Nasirovadan iborat delegatsiyamiz ishtirok etdi.

Konferentsiyaning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan Tadqiqotlar va ma’rifiy aloqalar markazining direktori Yahyo Mahmud ibn Junayd Osiyo arabshunosligining so‘nggi vaqtlardagi holati borasida so‘z yuritib, hozirgi kunda Yevropa arabshunoslari arab tilini o‘rganish va targ‘ib qilish, arab mamlakatlari tarixi, madaniyati hamda islom uyg‘onish davrini tadqiq etishdagi o‘zlarining ilmiy ishlari bilan oldinlab ketganliklarini zikr etdi. Konferensiyani tashkil etishdan maqsad Osiyoda muhim ahamiyat kasb etuvchi o‘zaro ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqa arabshunoslarining kelajakda hamkorlikda tadqiqotlar olib borishlari uchun zamin va shart-sharoitlar yaratish, ularning xizmatlarini munosib baholash kabi masalalarni amaliyotga tatbiq etish davr talabi ekanligiga urg‘u berdi.

Mazkur konferensiyadagi ishtirok O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarining ma’ruzalarida hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis maktabi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani, arab tiliga katta e’tibor berilayotgani va ushbu tilda yozilgan manbalarni ilmiy asosda o‘rganishning mohiyati naqadar muhim ekanligi, xususan, davlatimiz rahbari aytganlaridek: “... sivilizatsiyaga asoslangan nuqtai nazardan bu haqiqatda buyuk yerligini asoslab beradigan manbalarini baralla aytishimiz kerak... yoshlar va xalqimizga ularning ongi yetadigan tilda, zamonaviy tilda aytish kerak”ligiga alohida to‘xtab o‘tildi.

Mazkur ma’ruzalarda diyorimizda arabshunoslik o‘rta asrlardan beri to shu kunga qadar mavjudligi, uning rivojlanishiga hissa qo‘shgan allomalar va ilm ahlining faoliyati yoritildi. Xususan, arab tili o‘rta asrlarda mintaqamizda ilm tili bo‘lgani va o‘z davrining har bir ziyoli insoni uni mukammal egallagani, ilmiy asarlarini ushbu tilda yozgani hamda insoniyat sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shgan ajdodlarimiz xususida so‘z yuritdilar. Bu borada IX-XII asrlarda Sharqda buyuk allomalarimiz Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Abdulloh al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino va boshqalarning diniy va dunyoviy ilmlar rivojlanishiga qo‘shgan hissasini bayon etib, ularning o‘sha davr ilm tili – arab tilida yozgan asarlarining o‘rni, qimmati va mazmun-mohiyatini yoritdilar.

Ayni paytda o‘rta asrlarda ilmlar rivojlanishining muhim jihati – ilmlar tasnifi masalasini va unga Sharqda ushbu yo‘nalishga asos solgan hamda mukammal tarzda ishlab chiqilishiga alohida ahamiyatga molik asarlar sohiblari Abu Nasr al-Forobiy, Abu Abdulloh al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sinoning insoniyat ilmiy faoliyati hamda sivilizatsiyasidagi o‘rni ochib berildi.

Shu bilan birga respublikamiz oliy o‘quv yurtlari va ta’lim dargohlarida arab tili o‘qitilishining XIX asr o‘rtalaridan to hozirgi kungacha qo‘llanilayotgan uslub, metod va dasturlari bilan konferensiya ishtirokchilarini tanishtirdilar. Barcha ma’ruzalar muvaffaqiyat erishib, ularga “Konferensiya jurnali”da ijobiy baho berildi.

Konferensiya asnosida uning tashkilotchilari tomonidan barcha ishtirokchilar, jumladan, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolariga ma’ruzalarining tezislari nashr etilgan to‘plami taqdim etildi.

Konferensiyaning yakunida uning tashkilotchilari tashabbusi bilan tarkibida O‘zbekiston va turli mamlakatlar vakillari bo‘lgan ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan “Konferensiya tavsiyalari” ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Mazkur tavsiyalar sirasida “Osiyo arabshunoslari uyushmasi”ni tuzish va uning qarorgohi etib, Saudiya Arabistonining ar-Riyoz shahridagi Tadqiqotlar va ma’rifiy aloqalar markazini belgilash taklifi o‘rin olgan.

Shuningdek, uyushmaning maqsadlari qatorida quyidagi tavsiyalar o‘rin oldi:

- Osiyo arabshunoslarining o‘zaro aloqalarini faollashtirish;

- Osiyo arabshunoslarining ma’rifiy nashrlariga hissa qo‘shish;

- Saudiya Arabistonida Osiyo arabshunoslari uyushmasining barcha davlatlardagi a’zolari tomonidan arab tilida yozilgan ilmiy tadqiqotlarni o‘z ichiga olgan nashrni tashkil etish;

- I xalqaro Osiyo arabshunoslari konferensiyasidagi ma’ruzalarni muhokamadan o‘tkazgach, munosiblarini “Osiyo arabshunoslari jurnali”da nashr etish;

- Konferensiyani doimiy tarzda har ikki yilda bir marta ixtiyoriy tarzda tanlangan Osiyo davlatlaridagi shaharlardan birida o‘tkazish;

- Arab va Osiyo davlatlarining o‘zaro aloqalari va madaniyatiga xizmat qiluvchi arab hamda mazkur davlatlarning rasmiy tillariga qilinadigan tarjimalarni qo‘llab-quvvatlash;

- Osiyo arabshunoslarining mushtarak tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash.

Saudiya Arabistoni Podshohligi rahbariyati tomonidan qo‘llanilayotgan Konferensiya tashkilotchilarining asosiy maqsadlari sifatida Osiyo mintaqasidan tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston, Xitoy, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi 18 davlatda arab tilining yanada keng tarqalishi va o‘rganilishi hamda arab tili orqali mazkur mamalakatlarda arab madaniyati, xususan, Saudiya Arabistonining siyosiy, iqtisodiy va ma’rifiy sohalardagi aloqalarini yanada faollashtirish ekanligi ko‘rinmoqda. Bu borada “Faysal ilmiy jurnali” bosh muharriri Abdulloh Nu’mon al-Hoj o‘zbekistonlik olimlar ilmiy tadqiqotlarining arab olamiga tanish bo‘lmagan natijalarining arab tilidagi variantlarini nashr etish yuzasidan taklifini ushbu nashrlar ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ilmiy aloqalarning rivojlanishida katta ahamiyat kasb etishi sifatida qabul qilish mumkin.

Konferensiyada delegatsiyamiz ishtirokining natijalari sifatida quyidagilarni zikr etish joiz:

- Respublikamiz Rahbariyati tomonidan O‘zbekiston olimlari, xususan, arabshunoslari oldiga arab tilini mukammal o‘rganish va arab tilidagi qo‘lyozma manbalarni hozirgi zamon talablari hamda yoshlarimizni mazkur ilmiy yutuqlar bilan tanishtirishga javob beruvchi holda tayyorlash borasida qo‘yilayotgan vazifalarni amaliyotga tatbiq etishda, ya’ni O‘zbekistonga arab tilini o‘qitish va uni egallaganlarning malakasini oshirishga Saudiya Arabistoni Podshohligi olimlarining innovatsion usullaridan istifoda qilishga qulay sharoit bo‘lishi mumkinligi;

- Osiyo arabshunoslarining I xalqaro konferensiyasida O‘zbekiston delegatsiyasining ishtiroki va arab tilini o‘qitish hamda qo‘lyozma manbalar asosida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini Saudiya Arabistoni Podshohligi va Osiyo qit’asidan mazkur tadbirda ishtirok etgan mamlakatlar olimlari hamda vakillariga yetkazishda foydali bo‘lganligi;

- Osiyo arabshunoslarining navbatdagi xalqaro konferensiyalarida faol ishtirok etishimiz arab mamlakatlari, xususan, Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlanishiga imkoniyat yaratishi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Osiyo arabshunoslarining I xalqaro konferensiyasida ishtiroki respublikamizda arab tilini o‘qitish, ilmiy tadqiqotlar asosida erishilgan natijalarni keng targ‘ib qilish, muxtasar qilib aytganda, arab mamlakatlari bilan aloqalarni yanada samarali rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.


26.04.2019     553