Turkiya Respublikasiga ilmiy xizmat safari amalga oshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) direktori R.Bahodirov boshchiligidagi delegatsiya (A.Erkinov, S.Muhammadaminov, J.Ismailova, K.Bekova – Markaz xodimlari; Z.Sharipov – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash direksiyasining direktor o‘rinbosari, A.Turaxodjaev, B.Anvarova – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi xodimlari) 2019 yilning 8–18 sentabr kunlari Turkiya Respublikasi (Ankara va Istanbul shaharlari)ga xizmat safarini amalga oshirdi.

Xizmat safari asnosida delegatsiya a’zolari Turkiya Madaniyat vazirligi qoshidagi Madaniy boyliklar va muzeylar Bosh boshqarmasi, Onado‘li tamaddunlari muzeyi, Turk tili tashkiloti, Milliy kutubxona, Turk tarixi tashkiloti, Ankara universiteti rektorati va ushbu universitetning Til, tarix va geografiya fakulteti (Ankara, 9-10.09.2019 y.), Usmoniylar tarixi arxivi, Turkiya qo‘lyozma asarlar tashkiloti, Sulaymoniya kutubxonasi, Turk-islom asarlari muzeyi, Istanbul universiteti, Istanbul xalq kutubxonasi, Islom Hamkorligi Tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi Fuat Sezgin nomidagi ilmlar tarixi kutubxonasi va muzeyi (Istanbul, 10-17.09.2019 y.)da uchrashuv va muloqotlar o‘tkazib, mazkur tashkilotlarda saqlanayotgan O‘zbekistonga oid madaniy boyliklar bilan tanishdilar.

 

Uchrashuvlar asnosida Turkiya Respublikasidagi mazkur universitetlar, kutubxonalar, muzeylar va arxivda saqlanayotgan O‘zbekistonga oid madaniy boyliklar bilan Markazning ma’lumotlar bazasini to‘ldirish maqsadida yangi ma’lumotlar olish va mavjudlariga aniqliklarni kiritish hamda o‘zaro hamkorlik qilish yuzasidan ham fikr almashildi.

Markaz delegatsiyasi, shuningdek, barcha uchrashuv va suhbatlar asnosida hozirgi kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovichning turizmni yanada rivojlantirish va sayyohlarga qulay imkoniyatlar yaratishga qaratilgan sayi harakatlari borasida ma’lumot berdi hamda O‘zbekiston shaharlariga safar qilish va go‘zal dam olish zonalarini ziyorat etish, ya’ni sayohatni amalga oshirishga taklif etdi.

Olib borilgan muloqotlar natijasida mazkur muassasalar bilan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikka oid Anglashuv memorandumini imzolash bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishildi. Xususan, Turk tili tashkiloti va Islom Hamkorligi Tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) bilan o‘zaro ilmiy hamkorlik borasidagi Anglashuv memorandumi imzolandi.

Turk tili tashkiloti bilan o‘zaro ilmiy hamkorlik borasidagi Anglashuv memorandumini  imzolash jarayoni

 

Islom Hamkorligi Tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) bilan o‘zaro ilmiy hamkorlik borasidagi Anglashuv memorandumini  imzolash jarayoni

Xizmat safarining asosiy ilmiy natijalari sifatida quyidagilarni zikr etish lozim:

1) Delegatsiya Turkiyada saqlanayotgan O‘zbekiston allomalari qo‘lyozmalarining 15 dan ortiq rangli elektron nusxasini olib keldi. Ular orasida Anqara universiteti kutubxonasi fondida saqlanayotgan qo‘lyozmalar ichidan Mahmud Zamaxshariy va Hakim Termiziy qalamiga mansub risolalar, Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan Alisher Navoiyning hayotligi davrida (1485 yil) ko‘chirilgan “Badoe’ ul-bidoya”, Abu Abdulloh Xorazmiyning “Mafotih al-ulum” asari bor. Barcha qo‘lyozmalarning elektron nusxalari hadya sifatida mablag‘ sarflanmagan holda olinganini zikr etish joiz.

2) Imom Buxoriyning 550 hijriy/1155 milodiy yilda ko‘chirilgan Turkiya yozma asarlar tashkiloti bilan Islom tadqiqotlari markazi tomonidan Sulaymoniya kutubxonasidagi “Saxix al-Buxoriy” qo‘lyozmasining nodir nusxasidan 2018 yilda chop etilgan faksimilye nashri olindi.

3) Delegatsiyaning a’zolari Sulaymoniya kutubxonasida faoliyat olib borishi davomida O‘zbekiston allomalari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Hafs Nasafiy, Abu Mu’in Nasafiy, Alisher Navoiy va boshqalarning qalamiga mansub 500 dan ortiq qo‘lyozmaning ilmiy tavsifini amalga oshirganlarini alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Ushbu tavsiflar bilan Markaz reestri yana shunday miqdordagi ilmiy tavsiflar bilan boyiganini ilmiy safarning yutug‘i sifatida zikr etish lozim.

 


19.09.2019     233