O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazini tashkil etish to‘g‘risida” 2017 yil 20 iyundagi PQ–3074-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, “O‘zarxiv” agentligining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazini (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi hamda Markaz tashkil etildi.

    Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

- milliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, chet ellarda saqlanayotgan, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarni aniqlash, ularning to‘liq ma’lumotlar bazasi — reestrini yaratish va uni muntazam yangilab borish, shuningdek, ana shu tarixiy eksponatlarning asl yoki ko‘chirma nusxalarini, foto va videotasvirlarini yurtimizga olib kelish, tegishli ilmiy markazlar, xususan, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borib, erishilgan natijalarni ilmiy muomalaga kiritish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish;

- faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha xorijiy davlatlardagi muzey va fondlar, arxivlar, ilmiy-madaniy muassasalar bilan o‘zaro madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, turli anjumanlar, konferensiya va ko‘rgazmalar tashkil etish;

- chet mamlakatlarda saqlanayotgan madaniy boyliklarni yurtimizga qaytarish yuzasidan muzokaralar olib borish va zarur chora-tadbirlar ko‘rish, bu borada xalqaro miqyosdagi ilg‘or tajribani o‘rganish va amaliyotga joriy etish;

- madaniy boyliklarning olib kirilishi va olib chiqilishi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi va samarali bajarilishini tahlil qilish, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, xalqaro shartnomalar va umume’tirof etilgan normalarni milliy qonunchiligimiz nuqtai nazaridan atroflicha o‘rganish;

- xorijdagi mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid madaniy boyliklarni ommaviy axborot vositalarida, jumladan, global Internet tarmog‘ida keng yoritish, ular haqidagi bibliografik to‘plamlar, kataloglar, kitob-albomlar va boshqa matbaa mahsulotlarini turli tillarda nashr etib borish;

- to‘plangan materiallarni mamlakatimiz va jahon miqyosida ilmiy muomalaga kiritish.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 iyundagi PQ–3074-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 700-son qarori qabul qilindi.

    Mazkur qaror bilan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi to‘g‘risidagi nizom” hamda “O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlandi.